🌝

Global Korea Scolarship va Koreya taassurotlari

#Travel

Global Korea Scholarship — Koreya hukumatining xalqaro talabalarni qoʻllab quvvatlash loyihasi. GKS doirasida koʻplab dasturlar mavjud. 2019-yildan boshlab esa “GKS for Central Asian Undergradute Students” yozgi taʼlim dasturini ham yoʻlga qoʻydi. Bu dastur Markaziy Osiyolik 80 ta talabaga yozgi taʼtilda oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirish hamda Koreya madaniyati bilan tanishish imkoniyatini taqdim etadi. Agar dastur ishtirokchisiga aylansangiz, tashkilot sizni Koreyaga borish-kelish xarajatingizni, hamda 5 hafta davomida Koreyada turar-joy va ovqat bilan taʼminlaydi. Albatta, bu imkoniyatni qoʻlga kiritish hammaga ham nasib qilmaydi, ammo unchalik qiyin ham emas. Talab qilingan hujjatlarni yuborasiz va Skype orqali suhbatdan oʻtishingiz kifoya.

GKS for Central Asian Undergradute Students 2019

Endi oʻzimda qanday boʻlganini aytib bersam. GKS dasturiga ancha avval bir saytda koʻzim tushgandi lekin qiziqmagan edim. Ikki haftalar oʻtib “dedlayn” kunigina hujjat topshirishni qaror qildim. Kechgacha hammasini tayyorlab yubordim. Tez orada suhbatni vaqtini maʼlum qilib javob xati keldi. Suhbat kutganimdan qisqa, 5 daqiqagina davom etdi. Suhbatdan maqsad sizni ingliz tili bilimingiz darajasini aniqlash ekan. Uzoq kuttirib muvaffaqiyatli oʻtganim haqidagi xabar ham keldi. Vizani olgandan soʻng esa safarga tayyorgarlikni boshladim.

Qisqa satrlarda GKS menga qanday imkoniyatlarni taqdim etganligini sanab oʻtaman:

  1. Birinchi marta samolyotda parvoz.
  2. Janubiy Koreyaning 8 ta shahriga sayohat (Gumi, Kyonju, Degu, Paju, Pohang, Seul, Pusan, Yongdok).
  3. Dengiz (bunga ortiqcha taʼrifni keragi ham yoʻq).
  4. Balandligi boʻyicha jahonda 5-oʻrindagi Lotte World Tower minorasidan Seul shahrini tomosha qilish.
  5. Dengiz sathidan 976 metr balandlikdagi togʻ choʻqqisiga chiqish.
  6. Markaziy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Koreyalik doʻstlar orttirish.

Gumi shahridagi Samsung zavodi Gumi shahridagi Samsung zavodi

5 hafta davomida esa quyidagilarni oʻrgandim:

  1. Boshlangʻich darajada koreys tili.
  2. 3D modellar yaratish (KATIA va 3dMax dasturlarida).
  3. Android ilova yaratish.
  4. Arduino bilan ishlash va unga dastur yaratish.
  5. DirectX orqali oʻyin yaratish.
  6. Dron boshqarish.
  7. Samolyotni boshqarish, haqiqiysida emas simulyatorda :)
  8. Samolyotga oid bilimlar: taʼmirlash, parvozga tayyorlash va boshqa mayda-chuydalar.

Endi Koreya haqida 2 ogʻiz gap aytsam.

TABIATI

Koreyaga borishim bilanoq tabiati hayron qoldirdi. Hududining 80% togʻlar bilan qoplangan mamlakatda shaharlar va togʻlar qorishib ketgan. Togʻlar esa toʻliq daraxtlar bilan qoplangan, birorta ochiq joy koʻrinmaydi. Hamma joy yam-yashil. Katta shaharlarda esa daraxtlar siyraklashadi.

Koreya tabiati Togʻlar toʻliq daraxtlar bilan qoplangan

OB-HAVO

Havo-harorati namlik juda yuqori. Biz kabi quruq oʻlkalardan kelganlarga bu darrov sezilsa kerak. Yozda harorat biznikichalik baland boʻlmasa-da namlik sabab juda yoqimsiz issiq havo hosil boʻladi. Agar Koreyaga sayohat qilmoqchi boʻlsangiz yozda, ayniqsa avgust oyida bormaganingiz maʼqul.

Koreya ob-havosi Biz yozgi maktabni oʻtkizgan Kyongwoon universiteti kampusi

TAOMLAR

Hmmm… Kimga qanaqa. Masalan, menga yoqdi. Achchiq juda koʻp isteʼmol qilishadi. Agar achchiq taomlar bilan munosabatingiz yaxshi boʻlmasa koreys taomlarini tanlayotganda ehtiyot boʻling. Yana bir gap, ovqat tanlayotganda albatta tarkibini tekshiring, halol va haromni unutmang.

Koreya taomlari Koreya milliy oshxonasi (taomning nomi yodimda yoʻq)

XALQI

Koreyaliklarda sharq madaniyati sezilib turadi. Mehmondoʻstlik, xushmuomalalik kabi sifatlarga ega xalq doim yordamga shay. Ingliz tili bilan Seul, Pusan kabi katta shaharlarda qiynalmaysiz. Kichikroq shaharlarda ingliz tilini biladiganlar ancha kam. Lekin shunda ham Google translate orqali boʻlsa muloqot oʻrnatib, yordam beradiganlar topiladi.

Bularning barchasi 5 haftalik sayohatimning xulosalari xolos, va ularning ayrimlari haqiqatdan yiroq boʻlishi ham mumkin.

Maqolani yaxshi yangilik bilan yakunlamoqchiman. GKS bu yil 80 ta talabaga yuqoridagi imkoniyatlarni taqdim etan boʻlsa, kelasi yil buni 100–120 tagacha koʻpaytirmoqchi. Va bu imkoniyat sizga ham nasib qilishi mumkin. Rasmiy sayt, shuningdek grantlar va yozgi dasturlar haqidagi xabarlarni kuzatib borishni unutmang.

Agar dastur haqida yoki boshqa savollaringiz boʻlsa izohlarda qoldirishingiz mumkin.