Did you know that you can navigate the posts by swiping left and right?

Toʻliq qoplanuvchi grantlar haqiqiymi yoki choʻpchak?

29 Jan 2020 . category: Grant . Comments
#yozgi maktablar #sayohat #imkoniyat

Oxirgi paytlarda bir savolni koʻp uchratyapman: Toʻliq qoplanuvchi (fully funded) grantlar haqiqiymi? Haqiqiy boʻlgan taqdirda nimalar toʻlab beriladi?

Javobim: HA, HAQIQIY. Oʻzim ham bunday grant yutib olganman va mazza qilib foydalanganman =) Bu haqida oldin ham yozgandim.

Agar siz bunday grant yutib olsangiz, yoʻl xarajatlari (aviabilet, poyezd biletlari olib beriladi), turar-joy va ovqat bilan ta’minlanasiz. Bular toʻgʻridan-toʻgʻri yoki ketadigan xarajatlarga mos miqdorda pul koʻrinishida berilishi ham mumkin.

Shu oʻrinda yana bir savol tugʻiladi. Ular nega biz uchun pul sarflaydi? Axir, “tekin pishloq faqat qopqonda boʻlishi mumkin”. Keling, shuni tahlil qilib koʻramiz…

Avvaliga yozgi maktablar haqida toʻxtalsak. E’tibor bersangiz, ular asosan bakalavr talabalari uchun moʻljallangan. Tashkilotchilar bu orqali talabani magistratura bosqichida aynan oʻsha universitet yoki davlatda oʻqishga qiziqtirishga harakat qiladi. Talabalarga turli sayohatlar uyushtiriladi, madaniyat, tabiat manzaralari koʻrsatiladi. Xullas, yana qaytib oʻsha davlatga borgingiz u yerda oʻqigingiz kelib qoladi.

Tanlov jarayonida ham shunga e’tibor beriladi. Kelajakda nima qilishingiz, qayerda oʻqishni davom ettirmoqchiligingiz haqida soʻrashadi. Agar siz u yerda magistratura, keyinchalik PhD ni yoqlasangiz bu oʻsha universitet uchun katta foyda. Nega, deysizmi? Chunki magistratura va PhD da siz ilmiy ish qilishingiz va dissertatsiya yoqlashingiz kerak. Bu degani — fanda yanglik yaratasiz. Natijada, universitet reytingiga ijobiy koʻrsatkich olib kelasiz. Endi nima demoqchiligimni tushungadirsiz! Shuning uchun ham bugungi kunda universitetlar tomonidan koʻproq magistratura va PhD bosqichlari uchun katta grantlar ajratilyapti, bakalavrga esa grant kam.

Oʻzimizning OTM larda ilmiy boʻlimlar unchalik rivojlanmagan, xorijda esa aksincha, ilmiy yangiliklar uchun katta pul sarflanadi. Bularning barchasi universitet reytingini oshiradi va bu esa oʻz-oʻzidan moliyaviy oʻsishga olib keladi.

Bundan tashqari, diplomatik maqsadlar ham bor. Bu haqida bir doʻstim ham yozgan edi. Koʻpgina rivojlangan davlatlar tomonidan ajratiladigan grantlarni misol qilib olaylik: Fulbright (AQSh), Chevening (Buyuk Britaniya), DAAD (Germaniya), MEXT (Yaponiya) dasturlari toʻliq qoplanuvchi grantlar hisoblanadi. Ularning deyarli barchasida oʻqish yakunlangandan soʻng barchani oʻz vataniga qaytarib yuborishadi. Aksariyat hollarda bunday bitiruvchilar oʻz yurtida muhim lavozimlarda ishlaydi. Endi tasavvur qiling, muhim lavozimdasiz va ikki davlatdan biri bilan hamkorlik qilishingiz kerak. Shu vaziyatda sizda bir mahallar sizni tekinga oʻqitgan davlatga nisbatan simpatiya uygʻonadi va yakunda oʻsha davlat bilan hamkorlik qilishga intilasiz.

Nima boʻlganda ham bunday grantlar chet elga borish uchun yaxshi imkoniyat. Ulardan esa maksimal foydalanib qolish kerak.

Xullasi kalom, bularning barchasi IMHO.

Aytganchi, bunday grantlarni ushbu havoladan topishingiz mumkin.