🌝

Qisqa satrlarda JavaScript — 2. JavaScriptning leksik tuzilishi

#JS

Qisqa satrlarda JavaScript — 2. JavaScriptning leksik tuzilishi

Qisqa satrlarda Javascript turkumini davom ettirgan holatda sizlarga JavaScriptning leksik tuzilishi haqida maʼlumot beramiz va uning tashkil qiluvchi elementlarini alohida koʻrib chiqamiz. Bular: yunikod (unicode), nuqtali vergul, boʻsh maydon (probel, tabulyatsiya, yangi qator), registr sezuvchanligi (case sensitivity), kommentariya, literal, identifikator, kalit soʻzlar.

Yunikod

JavaScript yunikod da yozilgan. Yunikod belgilar standarti boʻlib, hozirda foydalanilayotgan dunyo tillarining belgilarini oʻzida jamlagan. Hozirgi kunda eng koʻp foydalanilayotgan standart hisoblanadi. Bu degani siz oʻzgaruvchilaringizni nomlayotganda istalgan belgidan foydalanishingiz mumkin: arab harflari yoki xitoy iyerogliflari, hattoki emojilardan ham foydalana olasiz :) Lekin identifikatorlarni tanlayotganda baʼzi qoidalarni unutmaslik kerak, bu haqida keyinroq.

Nuqtali vergul

Koʻpincha JavaScript kodlarida siz nuqtali vergulni uchratgan boʻlsangiz ajab emas. Ammo nuqtali vergulsiz ham kodingiz ishlashi mumkinligini oʻylab koʻrganmisiz. JavaScriptda nuqtali vergul majburiy emas. Siz bemalol ularni yozmasdan ketishingiz mumkin. JavaScript bu borada sizga tanlash imkonini beradi va bu oʻzingizning kod yozish uslubingizga bogʻliq.

Boʻsh maydon

JavaScriptda boʻsh maydonlar maʼnoga ega emas. Shuning uchun probellardan va boʻsh qatorlardan istalgancha foydalanishingiz mumkin. Muhimi kodingiz ravon va tushunarli boʻlishi kerak. Lekin bunday koʻrinishda kod yozishingiz ham yaramaydi:

1
2
return
variable

yoki yangi qatorlarni qavslardan boshlamagan ham maʼqul. Garchi bu holatda dasturingiz ishlasa ham, siz “toza kod” qoidalarini rioya qilmagan boʻlasiz.

Registr sezuvchanligi

Bizga case sensitivity nomi bilan tanish boʻlgan atamani, toʻgʻrisi oʻzbek tilida uchratmagan edim va qoʻlimdan kelgancha tarjima qildim: registr sezuvchanligi. Registr sezuvchanligi — bosh va kichik harfni farqlashni anglatadi. JavaScript ham ushbu xususiyatga ega, yaʼni value va Value oʻzgaruvchilari boshqa-boshqa maʼlumotni saqlaydi.

Kommentariyalar

JavaScriptda ikki xil koʻrinishda kommentariya qoldirishingiz mumkin:

  1. /* */ — bir necha qatorlarni ifodalasa boʻladi
  2. // — oʻzidan oʻngda turgan barcha belgilarni va faqat bitta qatorni kommentariyaga oladi

Literallar

Literal deb dastur kodlarida foydalaniladigan qiymatlarga aytiladi. Misol uchun, son, qator, mantiqiy ifoda yoki massiv, obyekt kabi murakkab konstruksiyalar.

1
2
3
4
5
6
Test
true
[a, b]
{name: The Alchemist, author: Paulo Coelho}

Identifikatorlar

Identifikator — oʻzgaruvchi, funksiya, obyektni nomlash uchun foydalaniladigan belgilar ketma-ketligi. Identifikator tanlayotganda harf, $ yoki _ belgilari orqali boshlash mumkin, shuningdek raqamlardan ham foydalansa boʻladi, ammo boshida emas. Yunikodda foydalanganligi uchun istalgan belgidan foydalansangiz boʻladi, avval ham taʼkidlaganimdek, emojilardan ham 😉

$ belgisi odatda DOM elementlarini ifodalayotganda ishlatiladi. (DOM haqida keyinroq batafsil maʼlumot beramiz)

Kalit soʻzlar

JavaScriptda quyidagi kalit soʻzlar mavjud boʻlib, ulardan identifikator sifatida foydalana olmaysiz:

1
abstract**, arguments, await*, boolean**, break, byte**, case, catch, char**, class*, const, continue, debugger, default, delete, do, double**, else, enum*, eval, export*, extends*, false, final**, finally, float**, for, function, goto**, if, implements, import*, in, instanceof, int**, interface, let*, long**, native**, new, null, package, private, protected, public, return, short**, static, super*, switch, synchronized**, this, throw, throws**, transient**, true, try, typeof, var, void, volatile**, while, with, yield.

* — ECMAScript 5 va 6-versiyalarida yangi qoʻshilgan soʻzlar

** — ECMAScript 5 va 6-versiyalarida olib tashlangan soʻzlar. Hali barcha brauzer ham ushbu versiyani qoʻllab quvvatlamasligi mumkin, shuning uchun bu soʻzlardan foydalanmaslik tavsiya etiladi.

Ha aytgancha, ECMAScript va uning versiyalari haqida batafsil keyinroq maʼlumot beramiz.