Did you know that you can navigate the posts by swiping left and right?

Global Korea Scolarship va Koreya taassurotlari

26 Aug 2019 . category: Travel . Comments
#Korea #gks #grant #opportunity

GKS

Global Korea Scholarship Koreya hukumatining xalqaro talabalarni qo’llab quvatlash loyihasi. GKS doirasida ko’plab dasturlar mavjud. Bu yildan boshlab esa “GKS for Central Asian Undergradute Students” yozgi ta’lim dasturini ham yo’lga qo’ydi. Bu dastur Markaziy Osiyolik 80 ta talabaga yozgi ta’tilda o’z bilim va ko’nikmalarini oshirish hamda Koreya madaniyati bilan tanishish imkoniyatini taqdim etadi. Agar dastur ishtirokchisiga aylansangiz, tashkilot sizni Koreyaga borish-kelish harajatingizni, hamda 5 hafta davomida Koreyada turar-joy va ovqat bilan ta’minlaydi. Albatta, bu imkoniyatni qo’lga kiritish hammaga ham nasib qilmaydi, ammo unchalik qiyin ham emas. Talab qilingan hujjatlarni yuborasiz va Skype orqali suhbatdan o’tishingiz kifoya.

Endi o’zimda qanday bo’lganini aytib bersam. GKS dasturiga ancha avval bir saytda ko’zim tushgandi lekin qiziqmagan edim. Ikki haftalar o’tib dedlayn kunigina hujjat topshirishni qaror qildim. Kechgacha hammasini tayyorlab yubordim. Tez orada suhbatni vaqtini ma’lum qilib javob xati keldi. Suhbat kutganimdan qisqa, 5 daqiqagina davom etdi. Suhbatdan maqsad sizni ingliz tili bilimingiz darajasini aniqlash ekan. Uzoq kuttirib muvaffiqayatli o’tganim haqidagi xabar ham keldi. Vizani olgandan so’ng esa safarga tayyorgarlikni boshladim.

Qisqa satrlarda GKS menga qanday imkoniyatlarni taqdim etganligini sanab o’taman:

  1. Birinchi marta samolyotda parvoz.
  2. Janubiy Koreyaning 8 ta shahriga sayohat (Gumi, Kyonju, Degu, Paju, Pohang, Seul, Pusan, Yongdok).
  3. Dengiz (bunga ortiqcha ta'rifni keragai ham yo'q).
  4. Balandligi bo'yicha jahonda 5-o'rindagi Lotte World Tower minorasidan Seul shahrini tomosha qilish.
  5. Dengiz sathidam 976 metr balandlikdagi tog' cho'qqisiga chiqish.
  6. Markaziy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo va Koreyalik do'stlar orttirish.

5 hafta davomida esa quyidagilarni o’rgandim:

  1. Boshlang'ich darajada koreys tili.
  2. 3D modellar yaratish (KATIA va 3dMax dasturlarida).
  3. Android ilova yaratish.
  4. Arduino bilan ishlash va unga dastur yaratish.
  5. DirectX orqali o'yin yaratish.
  6. Dron boshqarish.
  7. Samolyotni boshqarish, haqiqiysida emas simulyatorda :smiley:
  8. Samolyotga oid bilimlar: ta'mirlash, parvozga tayyorlash va boshqa mayda-chuydalar.

Endi Koreya haqida 2 og’iz gap aytsam.

Tabiati

Koreyaga borishim bilanoq tabiati hayron qoldirdi. Hududining 80% tog’lar bilan qoplangan mamlakatda shaharlar va tog’lar qorishib ketgan. Tog’lar esa to’liq daraxtlar bilan qoplangan, birorta ochiq joy ko’rinmaydi. Hamma joy yam-yashil. Katta shaharlarda esa daraxtlar siyraklashadi.

Ob-havo

Havo-harorati namlik juda yuqori. Biz kabi quruq o’lkalardan kelganlarga bu darrov sezilsa kerak. Yozda harorat biznikichalik baland bo’lmasada namlik sabab juda yoqimsiz issiq havo hosil bo’ladi. Agar Koreyaga sayohat qilmoqchi bo’lsangiz yozda, ayniqsa avgust oyida bormaganiz ma’qul.

Taomlar

Hmmm… Kimga qanaqa. Masalan, menga yoqdi. Achchiq juda ko’p istemol qilishadi. Agar achchiq taomlar bilan munosabatingiz yaxshi bo’lmasa koreys taomlarini tanlayotganda ehtiyot bo’ling. Yana bir gap, ovqat tanlayatganda albatta tarkibini tekshiring, halol va haromni unutmang.

Xalqi

Koreyaliklarda sharq madaniyati sezilib turadi. Mehmondo’stlik, hushmuomalalik kabi sifatlarga ega xalq doim yordamga shay. Ingliz tili bilan Seul, Pusan kabi katta shaharlarda qiynalmaysiz. Kichikroq shaharlarda ingliz tilini biladiganlar ancha kam. Lekin shunda ham Google translate orqali bo’lsa muloqot o’rnatib, yordam beradiganlar topiladi.

Bularning barchasi 5 haftalik sayohatimning xulosalari xolos, va ularning ayrimlari haqiqatdan yiroq bo’lishi ham mumkin.

Maqolani yaxshi yangilik bilan yakunlamoqchiman. GKS bu yil 80 ta talabaga yuqoridagi imkoniyatlarni taqdim etan bo’lsa, kelasi yil buni 100-120 tagacha ko’paytirmoqchi. Va bu imkoniyat sizga ham nasib qilishi mumkin. Rasmiy sayt, shuningdek grantlar va yozgi dasturlar haqidagi xabarlarni kuzatib borishni unutmang.

Agar dastur haqida yoki boshqa savollaringiz bo’lsa izohlarda qoldirishingiz mumkin.